AOKA direktori Asadjon Xodjayev Oʻzbekiston kikboksing assotsiatsiyasi...

AOKA direktori Asadjon Xodjayev Oʻzbekiston kikboksing assotsiatsiyasi prezidenti etib saylandi

Bugun AOKAda Oʻzbekiston kikboksing assotsiatsiyasining navbatdagi konferensiyasi oʻtkazildi. Unda assotsiatsiya rahbarlari, Ijroi qoʻmitasi aʼzolari, sportchilar hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Konferensiyada kikboksing sport turi shu yilning iyul oyida olimpiada oʻyinlari kiritilgani — Oʻzbekiston kikboksing assotsiatsiyasi faoliyatini yanada kuchaytirish, mamlakatimizda ushbu sport turiga boʻlgan qiziqish va eʼtiborning yana oshishiga turtki boʻlishi eʼtirof etildi.

Tadbirda tashkiliy masalalar ham koʻrildi. Assotsiatsiya rahbar organlari tizimiga oʻzgartirish kiritilib, rais lavozimi joriy etildi, tashkilotning yangi Ustavi qabul qilindi.

Shu paytga qadar assotsiatsiya prezidenti vazifasini bajarib kelgan Oybek Normetov assotsiatsiya raisligiga saylandi. Assotsiatsiya prezidentligiga esa Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev saylandi.

“Mamlakatimiz rahbarining sportga qaratayotgan eʼtibori — Tokioda oʻtkazilgan olimpiada oʻyinlarida qoʻlga kiritilgan natijalarda ham oʻz aksini topdi. Ushbu gʻalabalarga yaratilgan sharoit hamda murabbiylar va sportchilarning mashaqqatli mehnatlari evaziga erishildi.

Eng birinchi navbatda, yoshlarni ushbu sport turiga kengroq qiziqtirish va jalb etishimiz lozim. Buning uchun sport inshootlarini qayta qurish, rekonstruksiya qilish, yoshlarning sport bilan shugʻullanishlari uchun sharoit yaratish juda muhim.

Shuningdek, Kikboksing assotsiatsiyasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sportchilarimizning tayyorgarlik jarayonlari, oʻquv-yigʻinlari, musobaqalar uchun maxsus zallar va maydonlar tashkil etish, kikboksing boʻyicha murabbiylarni koʻpaytirish, ularning malakasini oshirish boʻyicha ish olib boramiz.

Ishonchim komilki, oldimizda turgan muhim vazifalarni amalga oshirsak, kikboksingchilarimiz ham boshqa sportchilari singari nufuzli musobaqalarda yurtimiz bayrogʻini baland koʻtaradi”, — deya taʼkidladi assotsiatsiyaning yangi prezidenti Asadjon Xodjayev.

Konferensiya yakunida assotsiatsiya oldida turgan muhim vazifalar belgilandi. Sportchilarning tayyorgarligi, musobaqalarda munosib ishtirok etish masalalari muhokama qilindi.

Сайт маълумотларидан фойдаланганда http://aokaxorazm.uz расмий веб сайтига ҳавола кўрсатиш шарт.